Markaziy Osiyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari Jenevada nimalarni muhokama qildi?

Ishtirokchilar “Yo‘l xaritasi” ijrosini jadallashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Sputnik
TOShKENT, 22-may — Sputnik. Shveysariyaning Jeneva shahrida boshlangan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 76-sessiyasi doirasida JSST Yevropa mintaqaviy burosi direktori Xans Klyuge bilan Markaziy Osiyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari o‘rtasida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish buro direktori Xans Klyugening bayonoti bilan boshlandi. Unda 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat o‘tgan yilning 11-sentabrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan tasdiqlangan. U besh mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.
Xususan, “Yo‘l xaritasi” Markaziy Osiyoda iqlim inqirozi, COVID-19 pandemiyasi asoratlari hamda sog‘liq tizimi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, onalar va bolalar salomatligi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash, noinfeksion kasalliklarning oldini olishga doir qator muhim chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov keyingi yillarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Pandemiya davrida JSST ko‘magida O‘zbekistonga SOVID-19 ga qarshi vaksina, tibbiy jihoz va preparatlar keltirilishi, tashkilot tomonidan kasallikni davolash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar minglab fuqarolar hayotini saqlab qolish imkonini bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yakunda ishtirokchilar “Yo‘l xaritasi” ijrosini jadallashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilab oldi.