Yangi o‘quv yilidan maktab ta’limi qanday o‘zgaradi: prezident takliflarni ma’qulladi

Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan takliflarni ma’qulladi.
Sputnik
TOShKENT, 22-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevga 22-may kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Unda quyidagi takliflar bildirilgan:

Yangi o‘quv yilidan informatika fani 1-sinfdan o‘rgatiladi.
Boshlang‘ich sinflarda xorijiy tajriba asosida yangi o‘quv dasturi joriy qilinadi;
Yuqori sinflarda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi. Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi.
Bundan buyon fanlarning amaliy mashg‘ulotlar ulushi 40 foizdan 60 foizgacha oshiriladi. Bunda mavzular aniq muammoni hal qilish orqali o‘rgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida o‘tkaziladi.
Maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, ishga kirayotgan pedagog 1-yil davomida o‘qituvchi-stajor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, bog‘chalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024-yil 1-iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
Umumta’lim maktablariga budjetdan tashqari mablag‘lardan erkin foydalanish huquqi berilgani ularning moddiy ahvolini yaxshilash hamda o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini bermoqda. Endi bu tartibni bog‘cha va ixtisoslashgan maktablar uchun ham qo‘llash mo‘ljallanmoqda.
Xususiy maktablarni tashkil qilishda qo‘yilgan talablar yengillashtiriladi.
Yig‘ilishda bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, xususiy sektorni jalb qilgan holda zamonaviy to‘garaklar ochish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari tugatiladi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu takliflarni ma’qullab, tizim faoliyatini transformatsiya qilish, o‘qituvchilarning malakasi va rag‘batini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.