TOShKENT, 22-may — Sputnik. O‘zgidromet hafta davomida kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Bugun, 22-may kunduz kuni O‘zbekiston bo‘yicha quruq va yoz kabi iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati +32...+35 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +36...+38 darajagachani tashkil etadi.
Keyinchalik ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat 23-34 may kunlari respublikaning sharqiy hududlarining eng chekka qismida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Qozog‘iston hududi ustidagi joylashgan antisiklonning ta’siri hafta o‘rtalarida harorat fonini biroz pasaytiradi. Kunduzgi havo harorati +25...+30 daraja atrofida bo‘ladi. Ish haftasining oxiriga kelib, harorat yana +31...+33 gacha ko‘tariladi.
23-24 may kunlari respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida hafta davomida mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar bilan kuchsiz berqarorlik bo‘lishi kuzatiladi.
Poytaxtda bugun va haftaning oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat ertaga kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 23-24 may kunlari shamol tezligi 12-14 m/s gcha kuchayishi mumkin. Bugun kunduzi havo harorati +31...+33 daraja bo‘ladi, qolgan kunlarda esa harorat asosan +26...+30 daraja atrofida bo‘ladi.