TOShKENT, 20-may — Sputnik. Toshkentda ilk bor “Turk dunyosi talabalar teatr festivali” bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kinooperator-kinorejissor Iqbol Meliqo‘ziyev Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Festival 22-26 may kunlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur festivalga sozandalik, xalq ijodiyoti, aktorlik va boshqa yo‘nalishlarda o‘qiydigan faol va mahoratli talabalar saralab olinmoqda.
“Festivalning boshqa tashkiliy ishlarida, masalan uni suratga olish, jarayonlar videosini montaj qilish, ovozlashtirish kabi ishlarda ham iste’dodli talabalar ishtirok etmoqda. O‘ylaymanki, mazkur xalqaro tadbir yoshlarimizning mahoratini sinash va ko‘rsatish uchun katta maydon bo‘la oladi”, Meliqo‘ziyev.
Festivalda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya davlatlaridan talabalar ishtirok etadi. Bundan tashqari, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan mutaxassislar tashrifi kutilmoqda.
“Biz qardosh mamlakatlardagi ijodkor yoshlarning mahorati va bilimiga baho beramiz. Qolaversa, o‘zaro hamkorliklar borasida ko‘plab kelishuvlarga erishamiz. Mazkur festivalni har yili o‘tkazish bizga an’anaga aylanib qoladi degan umiddaman”, deya qo‘shimcha qildi kinoijodkor.
Festivaldan teatr tomoshalari, “Sozandalar jangi” bellashuvlari, mahorat darslari, davra suhbatlari, uchrashuvlar, kitoblar taqdimotlari, ilmiy-amaliy anjuman hamda konsert dasturlari ham o‘rin olgan.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidan saralab olingan iqtidorli talabalar grafik asosida institut O‘quv teatrida tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib borishmoqda.