Haydovchilar diqqatiga! O‘zbekistonda 360°da qoidabuzarliklarni aniqlash boshlandi — video

Endi maxsus qurilma yordamida yo‘llarda avtomobillarning 7 ta qoidabuzarlik harakati aniqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may — Sputnik. Bugundan boshlab Toshkent viloyatida 360°da qoidabuzarliklarni aniqlovchi qurilma ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakati havsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatdagi avtomobil yo‘llarida YPX xodimlariga biriktirilgan xizmat avtomobillariga o‘rnatilgan 360°da qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus qurilma ishga tushurildi.
Bundan maqsad - respublika hududida YTHlarni oldini olish, qoidabuzarliklarga chek qo‘yish va harakatlanish xavfsizligini ta’minlash.
Yangi qurilma yo‘llarda avtomobillarning 7 ta qoidabuzarlik harakatini aniqlaydi.
Qurilma to‘xtab turganda va harakat davomida ham quyidagi qoidabuzarliklarni aniqlaydi:
o‘zi bilan bir yo‘nalishda va qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va to‘xtab turish;
harakatlanish tezligini meyoridan oshirish;
svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik (to‘xtash chizig‘ini bosish);
yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi;
yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik;
yo‘nalishli transportlar harakati uchun mo‘ljallangan tasmalarga o‘tib harakatlanish yoki to‘xtash tartibi va ushbu tasmada belgilangan talablarni buzish;
davlat raqam belgisi orqali avtomobil qidiruvda yoki yo‘qligini aniqlaydi.
Xabarda barcha haydovchilardan qoidalarga rioya qilishlari so‘ralgan.