Yoshlarning takliflarini Senat yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqishga tayyormiz — Narbayeva

Tanzila Narbayeva parlamentdagi yoshlardan muhim masalalar bo‘yicha taklif kiritishni so‘radi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan kiritilgan takliflarni Senat yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqishga tayyormiz. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva ma’lum qildi.
Senat raisi Yoshlar parlamentining barcha a’zolari bilan muloqot o‘tkazdi. U o‘z so‘zida Yoshlar parlamenti o‘z faoliyatida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

“Senatning yalpi majlislarida senatorlar tomonidan ayrim hududlarda ko‘tarilgan masala boshqa hududlar uchun ham dolzarb bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda Yoshlar parlamenti a’zolari hududlardagi yoshlar uchun muhim bo‘lgan masalalar bo‘yicha faollik ko‘rsatib, xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat Kengashlariga yoki Senatning tegishli qo‘mitalariga takliflar kiritsa, biz ularni Senat Kengashi yoki Senat yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqishga tayyormiz”, -deydi Narbayeva.

Qayd etilishicha, nafaqat MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi, balki kengroq miqyosda - jahon xalqaro parlament tuzilmalari maydonlariga ham chiqish zarur. Xususan, Yevropa Ittifoqi, Osiyo mamlakatlari AQSh parlamentlari bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi Senat raisi.