Mirziyoyev Xitoy ishtirokidagi qo‘shma korxonalarni ishga tushirdi

Jami 3,3 milliard dollarlik 15 ta loyiha ishga tushirildi va yangi korxonalar qurilishi boshlandi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi ikkinchi kuni doirasida qator ishbilarmonlik tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen hamrohligida shu kunlarda Sian shahrida o‘tayotgan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Ko‘rgazma doirasida Sian shahri hamda Sirdaryo, Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi teleko‘prik orqali yangi qo‘shma loyihalarni tantanali ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, jami 3,3 milliard dollarlik 15 ta loyihani - avtomobil va elektromobillar, qurilish materiallari, metalldan keng turdagi mahsulotlar, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirdi va yangi korxonalar qurilishiga start berdi", - deyilgan xabarda.
Delegatsiyalar ko‘rgazmada ikki mamlakatning sanoat, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalaridagi kooperatsiyasiga bag‘ishlangan stendlarni ko‘zdan kechirdi.
O‘zaro manfaatli sheriklik natijalari va rejalari, erishilgan yangi kelishuvlar, O‘zbekistonda amalga oshirish uchun tashrif arafasida maxsus ishlab chiqilgan istiqbolli investitsiya loyihalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
1 / 4

O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi

2 / 4

O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi

3 / 4

O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi

4 / 4

O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi