Migrantlar Rossiya qoidalari va urf-odatlarini hurmat qilishi kerak – Putin

Rossiya rahbari mamlakatning vazifasi asosiy migratsiya oqimi kelayotgan mamlakatlar bilan ishlash ekanini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. Rossiyaga kelayotgan migrantlar Rossiya jamiyati qoidalarini hurmat qilishlari shart. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Millatlararo munosabatlar kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Rossiyaga ishlashga, o‘qishga kelayotgan barchaga bo‘lgan shak-shubhasiz talab – bu urf-odatlarimizni hurmat qilish, Rossiya jamiyati normalari va qoidalariga rioya qilish. Bunda mintaqiy jihat ham juda muhim. Moskvaga, Shimoliy Kavkazga yoki biror boshqa joyga kelayotgan migrant ham umumrossiya normalari, ham u kelayotgan mintaqa qonun-qoidalarini bilishi darkor. Albatta”, - dedi Rossiya rahbari.
Putin Rossiya mahalliy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan mutaxassislar uchun ochiq ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning boshqa mamlakatlarga qaraganda migratsiya sohasida ish olib borishi osonroq, chunki bu yerdagi migrantlarning asosiy qismini Rossiyaga madaniy jihatdan yaqin bo‘lgan sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari fuqarolari tashkil etadi.
Rossiya rahbari mamlakatning vazifasi asosiy migratsiya oqimi kelayotgan mamlakatlar bilan ishlash ekanini ta’kidladi.
“Shuni ta’kidlashni istaymanki, bu mamlakatlar rahbariyati ham biz bilan birgalikda bu qo‘shma ishga tayyor. Gap bizning jamoat tashkilotlarimiz, Rossiya milliy birlashmalari bilan yaqinroq ishlash uchun rus maktablarini ochish haqida bormoqda. Bu yerda bu vazifani yetarlicha samarali yechish uchun ko‘plab imkoniyatlarimiz bor”, - dedi Putin.
Avvalroq Rossiya mehnat migrantlari uchun namunaviy moslashuv kursini ishlab chiqayotgani xabar qilingan edi. U 1-iyulga qadar tayyor bo‘lishi va to‘rtta pilot mintaqada sinovdan o‘tkazilishi kerak.