Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘liga oid yangi hujjat imzolandi

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining keyingi bosqichlarini belgilab beruvchi va loyihani moliyalashtirishga doir yangi hujjat imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. Xitoyning Sian shahrida Xitoy taraqqiyot va islohotlar Davlat qo‘mitasi, Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston transport vazirligi o‘rtasida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha keyingi bosqichlarni nazarda tutuvchi uch tomonlama hujjat imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Bugungi kunga kelib tomonlar temir yo‘li qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va texnik-iqtisodiy asoslarini uch tomonlama qo‘shma baholash ishlarini amalga oshirgan. Keyinchalik esa ekspertiza o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Mazkur hujjat ushbu loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini belgilab, qurilish loyihasini ishlab chiqish, investitsiyalar va moliyalashtirish modelini o‘rganish va aniqlashni o‘z ichiga oladi”, - deyilgan xabarda.
Bu loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashga yordam berib, Markaziy Osiyo davlatlarining transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning xalqaro transport-tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘l qurilishi may oyida boshlanishi mumkin
Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston temir yo‘lining umumiy uzunligi taxminan 454 kilometrni tashkil etadi, shundan 280 kilometr Qirg‘iziston hududidan o‘tishi rejalashtirilgan. Liniyada umumiy 18 ta stansiya, uzunligi 26,1 km 81 ta katta va o‘rta ko‘priklar, uzunligi 120,39 km 41 ta tunnel quriladi. Ko‘priklar va tunnellarning jami uzunligi 146,49 km bo‘lib, bu liniya umumiy uzunligining 47,0% ni tashkil qiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga bo‘lgan yo‘lni taxminan 900 km, yuk yetkazib berish muddatlari esa 7-8 kunga kamaytiradi. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, yuk tashish hajmi yiliga 12-15 million tonnani tashkil etadi.