Rossiya "Don bitimi"ni so‘nggi bor uzaytirdi

Rossiya "Don bitimi"ni 17-iyulga qadar uzaytirdi. Undan so‘ng nima bo‘lishini Sergey Lavrov tushuntirib berdi.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. BMT, Rossiya va Turkiya ishtirokida imzolangan Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha kelishuv hech qanday o‘zgarishsiz 17-iyulgacha uzaytirildi. Bu haqida Rossiya TIV xabar qildi.
Vazirlikning qayd etishicha, kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha fundamental baholar o‘zgarishsiz qolmoqda: Rossiya-BMT memorandumi bo‘yicha hech qanday oldingi siljish yo‘q, g‘allaning katta qismi Yevropa bozorlariga ketmoqda, Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish esa to‘sib qo‘yilgan.

"Tolyatti-Odessa ammiak quvuri bo‘yicha ammiak etkazib berishni qayta tiklash, Rosselxozbankni SWIFTga qayta ulash bo‘yicha ham hech qanday oldinga siljish yo‘q. Bu talablar bajarilmasa, Qora dengiz tashabbusini kengaytirish haqida gap bo‘lishi mumkin emas va kelishuvning o‘zi 17-iyuldan keyin bekor qilinadi", - dedi Rossiya TIV rahbari.

Lavrov g‘alla bo‘yicha kelishuvning uzaytirilishiga izoh berar ekan, bugun belgilangan ikki oy hal qiluvchi muddat bo‘lishini aytdi. Ushbu davr ichida paket kelishuvlar amalga oshirilmasa shartnoma to‘xtatiladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan muammolardan tashqari ️Rossiyaga o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishda qator to‘siqlar qo‘yilmoqda. Jumladan – Rossiya kemalari sug‘urtasi, kemalarning portlarga kirishiga qo‘yilgan taqiqlar.
Eslatib o‘tamiz, BMT tashabbusi bilan Rossiya tomonidan imzolangan "don shartnomasi" Ukraina g‘alla va don mahsulotlarini dunyoning eng kambag‘al mamlakatlariga, birinchi navbatda Afrika davlatlariga yetkazib berishni nazarda tutgan edi. Lekin qog‘ozlar imzolanganidan so‘ng Ukraina donining deyarli barchasi Yevropaning rivojlangan davlatlari tomon yo‘l oldi.