Mirziyoyev va Szinpin strategik hamkorlik yo‘nalishlarini kelishib olishdi

Elektr va gibrid avtotransport vositalarini yig‘ish bo‘yicha zamonaviy zavodlarni ishga tushirish shular jumlasidan.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi chog‘ida Xitoy raisi Si Szinpin bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Sian shahridagi “Shensi” qarorgohida o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, Mirziyoyev va Szinpin ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrida dolzarb bo‘lgan masalalarni batafsil muhokama qildi.
Kambag‘allikni qisqartirish, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, yerdan foydalanish, kichik va o‘rta biznes, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va professional ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda samarali tajriba almashish va amaliy choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi. Bu, eng avvalo, zamonaviy sanoat quvvatlarini barpo etish, investitsiyaviy va yuqori texnologik korxonaalarni tashkil etish borasidagi qo‘shma loyihalarni nazarda tutadi.
Kuni kecha o‘tkazilgan biznes-forum yakunida umumiy qiymati 25 milliard dollarlik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi va kelishuvlarga erishildi.
Muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha quyosh, shamol va suv elektr stansiyalarini barpo etish, quyosh panellari, elektr uskunalar, transformatorlar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi loyihalardan iborat investitsiyaviy-texnologik hamkorlik dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar yangi avlod avtomobillarini ishlab chiqarish sohasidagi kooperatsiyani kengaytirish – elektr va gibrid avtotransport vositalarini yig‘ish bo‘yicha zamonaviy zavodlarni ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Turdosh tarmoqlardagi loyihalarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, mis, litiy, nodir metallarni chuqur qayta ishlash asosida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yuqori texnologik klasterni barpo etish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, plastmassalar, kimoviy mahsulotlar, metall buyumlar, oziq-ovqat, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, biotexnologiyalar klasterini tashkil etishda hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan mamlakatlar manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yo‘li” fondi, shuningdek, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuksak baholandi.
Ikki mamlakat hududlarining hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shu jumladan, Sirdaryo viloyatini “Ilg‘or texnologiyalar hududi”ga aylantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar belgilab olindi.
Faol muloqotlar va aviaqatnovlar qayta tiklanishini hisobga olib, joriy yilda O‘zbekistonda ikki mamlakat shahar va hududlarining birinchi forumini o‘tkazish masalasi o‘rganiladi.
Keyingi yillarda ikki baravarga ko‘paygan o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun maqsadli ko‘rsatkichlar va tovarlar tarkibi belgilab olindi.
“Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi qayd etildi.
Gumanitar soha muhokama qilinar ekan, ta’lim va turizmda hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat, san’at va kino kunlarini o‘tkazish, an’anaviy tibbiyot, ko‘z va boshqa turdagi kasalliklarni davolash, vaksina va farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi dasturlarni amalga oshirish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Mirziyoyev Xitoy rahbarini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi.