Medvedev Ukrainani NATOga qabul qilish oqibatlaridan ogohlantirdi

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari AQShning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjerning so‘zlariga munosabat bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev hisoblaydiki, agar Ukraina NATOga qabul qilinsa, Kiyev rejimi hududlarni qaytarish urinishlaridan voz kechmaydi, Rossiyaning esa barcha mavjud vositalar bilan keskin javob qaytarishiga to‘g‘ri keladi.
Medvedev Telegram-kanalida Ukrainani NATOga qabul qilish zarur deb aytgan AQShning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjerning so‘zlariga munosabat bildirdi.
“Kissinjer Ukrainani NATOga qabul qilishga chaqirdi. U, albatta, 10 kundan keyin 100 yoshga kiradi, va u Brejnev bilan ham uchrashgan. Ammo bu yerda u umuman haq emas. U AQSh va Xitoy mojarosini insoniyatning eng asosiy tahdidi deb atadi. Men hamisha hisoblaganmanki, vaziyatning to‘g‘ri bahosi uchun taxminiy emas, balki bevosita va oshkora tahdid hisobi muhim”, - deya yozadi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.
Keyin siyosatchi Ukrainaning alyansga qo‘shilganidan keyin nimalar sodir bo‘lishini tasavvur qilishni taklif qildi.
Medvedevning ta’kidlashicha, NATO allaqachon Rossiya bilan gibrid urush olib bormoqda, bunda “Ukrainaning millatchi rejimi qo‘ldan ketgan hududlarni qaytarish urinishlaridan voz kechmaydi”, demak, Rossiyaning “barcha mavjud vositalar bilan keskin javob qaytarishiga to‘g‘ri keladi, mana sizga Vashington shartnomasining 5-moddasi (moddaga muvofiq alyansga a’zo davlatlardan biriga hujum blokning barcha a’zolariga hujum qilish sifatida ko‘riladi – tahr.)”.
“Asosiy tahdidlarning oldini olish xususidagi o‘tkir mulohazalar qonli mojarolar chog‘ida ish bermaydi. Bu hatto bir asrlik yubileyiga qadam qo‘yayotganlarga ham tushunarli bo‘lishi kerak”, - deya xulosa qilgan Medvedev.