Ko‘p kvartirali uylarda zilzilabardoshlikka ta’sir qiladigan konstruksiyalar aniqlanadi

Ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar aniqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. 2023-yil 1-sentabrdan ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi. Bu prezident 16-may kuni imzolagan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Qaror bilan 2023-yil 1-sentabrdan seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalarni aniqlash belgilangan.
Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.
Seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasini o‘zgartirish (qavatlar sonini o‘zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o‘zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng ruxsat etiladi.
2023 yil 1-iyundan:
seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
seysmik xavfsizligi III–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “SSS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.
2023 yil 1-oktabrdan seysmik xavfsizligi II–IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.
2024 yil 1-yanvardan obyektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilarni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi: qurilish obyektlari ustidan davlat nazorati; buyurtmachining texnik nazorati; ishlab chiquvchining mualliflik nazorati; pudratchining ichki nazorati tadbirlari; ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar; ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Avvalroq 1-dekabrdan respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilishi xabar qilingan edi.