O‘zbek tilidagi yirtqich va yovvoyi hayvonlarning nomi ko‘pchilikka tanish: sher, yo‘lbars, bo‘ri, tulki, ayiq, jirafa, qoplon kabilar.
Lekin xalq tilida ularning yana boshqa nomlari, bu hayvonlarning bolalari nomlari ham bor. Ularni kam eshitganimiz uchun nutqda juda kam ishlatamiz, ma’nolarini esdan chiqargan bo‘lishimiz mumkin. Quyida yirtqich va yirtqich bo‘lmagan yovvoyi hayvonlar, ularning bolalarining nomlari haqida suhbatlashamiz.
Shervachcha. Arslonning bolasi
Xalq tilida sher deyiladigan hayvonlar shohining asosiy nomi – arslon. Arslon – mushuksimonlar oilasining yirik vakili. Qo‘rquv bilmagani uchun jasur yigitlarni xalqimiz sherga o‘xshatib sherurak deydi, barvasta va baquvvat yigitlarni sherkelbat deb ta’riflaydi. Abdulla Oripovning “Genetika” she’rida ohuning yuvoshligi, sher bolasining hadik bilmasligi haqida quyidagi misralar bor: Ohu bolasi bu – ohuday boqqan, Shervachchada esa sherning shiddati. Avlodlar qonida ming yillab oqqan, Buyuk bobolarning turfa xislati.
Bo‘rivachcha/Bo‘ltirik. Bo‘rining bolasi
Bo‘rivachcha adabiy tilda ko‘p qo‘llanadi, bo‘ltirik qipchoq shevalarida uchraydi. Bo‘ri – itsimonlar oilasiga mansub yirtqich hayvon. O‘zbekistonda cho‘l bo‘risi ko‘p uchraydi. Bo‘ri turkiy xalqlarda totem darajasiga ko‘tarilgan jonivor. “Ona bo‘ri” nomli afsonada tasvirlanishicha, qadimgi turklar ko‘k bo‘ridan tarqalgan. “Bo‘ri”, “Bo‘ri qiz”, “Cho‘loq bo‘ri” kabi ertaklarda talqin etilgan totemik bo‘ri obrazi insonning xaloskori, himoyachisi sifatida tasvirlanadi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi). Xalqimiz tasavvurida bo‘rining totemik obrazliligi – muqaddas hayvonligi unutilgach, bu jonivor vahshiy hayvon sifatida tanilgan. Qo‘y-qo‘zilarni yeb ketishi oqibatida odamlar bo‘rini yomon ko‘rib qolganlar. Ammo hali ham bo‘rini omad keltiradigan jonivor sifatida tushunadiganlar bor, shuning uchun uning tishini yonlarida olib yurishadi.
Bo‘rining yana bir nomi – qashqir. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida bo‘rini jondor, Farg‘onaning Vodilida, Namanganning Uychi tumanida qarshiqul deyishadi. Yovuz bo‘rilar chorvadorlarning qo‘y-qo‘zilarini yeb ketavergani uchun urg‘ochi bo‘ri va erkak itni chatishtirib bo‘ribosar it zoti olinadi. Bunday itlar bo‘rini bosadigan, yengadigan bo‘lgani uchun bo‘ribosar deyilgan.
Voyvoyakbola. Chiyabo‘rining bolasi
Chiyabo‘ri - bo‘ridan jussasi kichik, itsimonlar oilasiga mansub yirtqich hayvon. O‘zbekistonning cho‘l va dashtlarida keng tarqalgan. Tojiklashgan shevalarda chiyabo‘ri shaqal deb ham ataladi. Bo‘lar-bo‘lmasga, hadeb uvullayvergani uchun chiyabo‘ri xalq tilida voyvoyak, chiyabo‘rining bolasi voyvoyakbola deyiladi. Ba’zan otalar “Menga ishdan nima olib kelasiz”, deb xarxasha qilaveradigan bolalarga “voyvoyakning bolasini olib kelaman” deb yozg‘iradilar.
Tulkibola/bachki. Tulkining bolasi
Erkak yoki urg‘ochiligidan qat’i nazar, rosmana tulkiga aylanguncha tulkibola deyilaveradi. Tulki o‘zbek xalqi orasida ayyorlik ramzi sifatida qabul qilinadi. Tulki so‘zi odamga nisbatan qo‘llanganda, o‘sha kishining o‘ta ayyor, dog‘uli ekanligi ifoda qilinadi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanida Homidning ig‘vosidan bexabar Kumush Otabekni ayyorlikda tulkiga, vahshiylikda bo‘riga o‘xshatadi: Begim, garchi achchig‘lansangiz ham aytishka majburman: sizda vijdon, insof, rahm, va’da, vafo, yaxshiliqni bilish, boring-chi, odamgarchilikdan hech gap yo‘q emish. Bil’aks siz: hiylakor bir tulki, og‘zi qon bir bo‘ri, rahmsiz bir jallod, uyatsiz bir yigit!
O‘zbek tilining qipchoq lahjasiga mansub shevalarda tulkining bolasi bachki deb ham nomlanadi.
Ayiqcha. Ayiqning hali bir yoshga to‘lmagan bolasi
Oldin merdak deyilgan. O‘zbek tilida ayiqning urg‘ochisi uchun alohida so‘z yo‘q, biroq erkagini xirs deb aytishadi. Gavdasi ayiqnikiday beso‘naqay erkaklarni xirsga o‘xshatishadi, xirsday deyishadi. Masalan, Hamid Olimjonning “Oygul va Baxtiyor” ertagida shunday misralar bor: Qizning oldida bu xirs, Ko‘rsatib yovvoyi hirs. Samarqandning Jo‘sh tumanida yashovchi kishilar ayiqni vayuv deb qo‘ya qolishadi. Alisher Navoiy asarlarida ayiq dabbaba deyilgan. Slavanlarda agar ayiqning oti to‘g‘ridan to‘g‘ri aytilsa, kishi ayiqqa ro‘para bo‘lib qoladi yoki ayiq duch kelib qoladi deyishadi. Shuning uchun ayiq haqida gapirishganda “medved” demaydilar, balki polvon, asalxo‘r deb tilga oladilar. O‘zbek xalqida chayon yoki bo‘rini shunday aytish bor. Masalan, chayonni otsiz, gajdum, gajakdum deb atashadi.
Jish. Cho‘chqaning bolasi
Cho‘chqa bolasi yangi tug‘ilganda qush bolasidek tuksiz, xuddi go‘shtdek bo‘lgani uchun jish deyishadi. Biroz katta bo‘lgan cho‘chqa bolasi jo‘rpa deyiladi. Yovvoyi cho‘chqalarning umumiy nomi – to‘ng‘iz. Xalqimiz erkagini – qobon, urg‘ochisini – megajin deydi. Cho‘chqa, to‘ng‘iz, megajin so‘zlari odamga qarata aytilganda, o‘ta qo‘pol haqorat qilingan bo‘ladi. Shuning uchun kishini bunday so‘zlar bilana atamagan ma’qul. Ammo slavan xalqlarida bolasini “cho‘chqacham” deb erkalash odati ham bor.
Quralay. Kiyik, ohu, jayron, g‘izol kabi hayvonlarning bolasi
O‘zbek shevalarida kiyikning bolasi momoloq ham deyiladi. Ohuning bolasini barra ham deyishadi. Kiyik so‘zi ohu, jayron, g‘izol, bug‘u kabi kavsh qaytaruvchi hayvonlarni hammasiga nisbatan qo‘llanaveradi. Adabiyotshunos Abdug‘afur Rasulovning fikricha, xalqimiz ko‘pincha bu hayvonning erkagini ohu, urg‘ochisini kiyik deb aytgan. O‘zbek xalqi kishining ko‘zi qop-qora va chiroyli bo‘lsa, quralay ko‘z deb kelgan, xalq bunday ko‘zlar haqida qo‘shiqlar to‘qigan. Masalan: Quralay ko‘z, quralay, Tuynugingdan mo‘ralay. Sen yallo aytganingda, Ohangiga yo‘rg‘alay.
Keyingi hafta chorshanba kuni "Xotira va o‘lim bilan bog‘liq o‘zbek urf-odatlari" haqida bo‘ladi. Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Bizni kuzatib boring va Telegram-kanalimizga obuna bo‘ling.
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimizning avvalgi mavzulari: