Noyob tadbir: Toshkentda xalqaro teatr san’ati festivalida kimlar ishtirok etadi?

Festivalda yosh teatrshunoslar va tanqidchilar yetishtirish borasida davra suhbatlari ham tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 17-may — Sputnik. Toshkentda 22-28 may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivali dasturida 9 ta xorijiy teatr jamoalari spektakllari bor. Polsha va Turkmaniston davlati teatrlaridan ham qatnashish istagi bildirildi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
“Biz ko‘pincha xorij teatrlariga borardik, ammo ularni o‘z yurtimizga taklif qilolmasdik. Mana, oxirgi yillar davlat rahbari tashabbusi bilan “Yevroosiyo” xalqaro teatr festivalini o‘tkazish an’anaga aylandi. Endi o‘zbek teatri ijodkorlari o‘z Vatanida xalqaro mutaxassislar ishtirokida mahorat bilan spektakllarni taqdim etishadi va munosib baho olishadi”, - dedi Madaniyat va turizm vazirligi San’atni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Usmonov.
Festival doirasida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjondan teatr jamoalari hamda o‘zbek teatrlari spektakllari namoyish etiladi.
“Mazkur festival ilk bor katta masshtabda, keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Hozirgacha dasturda 9 ta xorijiy teatr jamoalari spektakllari bo‘lsa, Polsha va Turkmaniston davlati teatrlaridan ham qatnashish istagi bildirildi. Hozirda ekspertlar spektakllarni saralab olishmoqda”, -dedi O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri direktori Abdusaid G‘aniyev.
Festivalda yosh teatrshunoslar va tanqidchilar yetishtirish borasida davra suhbatlari ham tashkil etiladi.