TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbek teatrini yanada rivojlantirish va xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishda Rossiya bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
“Toshkentda o‘tkaziladigan “Yevroosiyo” xalqaro teatr festivalida memorandumlar imzolanadi. Endilikda Rossiya milliy teatrlari bilan hamkorliklar kuchaytiriladi. Mutaxassislar, teatr direktorlari, yoshlar va teatr pedagoglari ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkaziladi”, - dedi O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri direktori Abdusaid G‘aniyev.
Ta’kidlanishicha, vazirlik va Rossiyadagi Novosibirsk davlat akademik opera va balet teatri bilan memorandum imzolanadi. Uning doirasida mahoratli mutaxassis va ijodkorlarning sentabr-oktabr oylarida O‘zbekiston teatrlariga ijodiy safarlari uyushtiriladi.
“Novosibirsk teatrining jahon standartlari mezonlariga mos ekanligi uchun u yosh o‘zbek ijodkorlariga mahorat maktabini o‘taydi. Qirg‘izistonda Rossiya bilan aloqalar ancha kengaygan. Biz ham o‘tkaziladigan festivalda rus, qirg‘iz, belarus va boshqa millat spektakllari bilan tanishamiz. Yosh rejissorlar, dramaturglar va aktorlar Rossiyaga yuborilsin, mahoratini oshirsin va kelgusida bizning teatrlarga olgan bilimlarini tatbiq etsin”, dedi san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhabbat To‘laxo‘jayeva.
Ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro festivalda avval drama janridagi asarlar taqdim etiladi. Keyingi yillarda musiqali drama, qo‘g‘irchoq, yosh tomoshabinlar uchun spektakllar ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 22-28 may kunlari “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivali o‘tkaziladi.