TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy yangi temir yo‘l loyihasi bo‘yicha qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha memorandum may oyi oxirigacha imzolanishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda qayd etilishicha, may oyida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy yangi temir yo‘l qurilishi bo‘yicha memarandum imzolanishi mumkin.
“O‘ylaymanki, shu oy biz uch davlat o‘rtasida loyihani ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzolaymiz”, - deydi Xodjayev.
O‘tgan yilning dekabr oyida xitoylik mutaxassislar loyiha bo‘yicha dala ishlarini yakunlashdi.
Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, loyihani tayyorlash uchun allaqachon ko‘p ishlar qilingan. “Va biz texnik-iqtisodiy asoslash tugashini kutmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 15-sentabr kuni Samarqandda O‘zbekiston, Xitoy va Qirg‘iziston transport bo‘limlari o‘rtasida “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Hujjat 2023-yilning birinchi yarmida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashni nazarda tutadi.