U-23 Osiyo kubogi saralash o‘yinlari O‘zbekistonda ham o‘tkaziladi

Musobaqaning final bosqichi 2024-yili Qatarda bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 16-may — Sputnik. Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) U-23 Osiyo kubogi saralash o‘yinlariga mezbonlik qiladigan davlatlarnining nomini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi qur’a natijasiga ko‘ra o‘rin oladigan guruh uchrashuvlari O‘zbekiston maydonlarida o‘tkaziladi. O‘yinlar joriy yilning 4-12-sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Saralash o‘yinlariga mezbonlik qiladigan mamlakatlar: Bahrayn, Xitoy, Indoneziya, Iordaniya, Kuvayt, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Tailand, Vyetnam va O‘zbekiston.
Eslatib o‘tamiz, saralash bosqichiga qur’a tashlash marosimi 25-may kuni soat 12:00 da Kuala Lumpurdagi OFK qarorgohida onlayn tarzda o‘tkaziladi.
Musobaqaning final bosqichi 2024-yili Qatarda bo‘lib o‘tadi.