Bu yil “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari qanday tashkil etiladi?

Ta’kidlanishicha, tadbirni tartibli o‘tkazish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda ushbu tadbirga faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 16-may - Sputnik. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 ga qadar “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida tashkil etiladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2022-2023 o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqildi.
Ta’kidlanishicha, tadbirni tartibli o‘tkazish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda ushbu tadbirga faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi.
Tadbirni mahalla qo‘mitasi, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazish hamda maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligi ta’minlanadi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, maktab hayotida faol ishtirok etayotgan o‘quvchilarning ota-onalarini ma’naviy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.