Rossiya va Ukraina Afrikaning tinchlik missiyasini qabul qilishga rozi bo‘ldi – JAR prezidenti

Siril Ramafosa so‘zlariga ko‘ra, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Afrika ittifoqi rahbariyati bu tashabbus haqida xabardor qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 16-may — Sputnik. Rossiya va Ukraina hukumatlari mojaroni tinchlik yo‘li bilan hal qilish yo‘llarini izlab topish maqsadida Afrika mamlakatlarining delegatsiyasini qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) prezidenti Siril Ramafosa Singapur bosh vaziri Li San Lun bilan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.
“Men muloqot qilib turadigan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva va Kiyevda qator Afrika davlatlarining missiyasini qabul qilishga rozi bo‘lishdi”, - dedi Ramafosa.
JAR rahbari so‘zlariga ko‘ra, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Afrika ittifoqi rahbariyati bu tashabbus haqida xabardor qilingan.
Ramafosa Ukrainadagi inqirozni hal qilish tashabbusi bilan chiqqan mamlakatlar guruhiga Misr, Zambiya, Kongo Respublikasi, Senegal, Uganda va JAR kirishini ma’lum qildi. U bu missiyani qachon amalga oshirish rejalashtirilganiga oydinlik kiritmadi.
12 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va JAR rahbari Siril Ramafosa o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Rossiya yetakchisi Afrika mamlakatlari guruhining Ukraina mojarosini hal qilish istiqbollari g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.