Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda

Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranziti masalasi muhokama qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 16-may - Sputnik. Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranziti masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda 16-may kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Hozirda Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Muzokaralar ancha konstruktiv ruhda davom etmoqda. Natijalar haqida albatta xabar beramiz”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 24-yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi va "Gazprom" kompaniyasi o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Unga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni o‘rganadi.
Alohida ta’kidlash joizki, Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha ushbu shartnoma O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha eng tezkor va kam xarajatli usul hisoblanadi, chunki uni amalga oshirish uchun sobiq SSSR davrida qurilgan va ayni damda foydalanilmayotgan “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri trubalaridan biridan revers usulida foydalanish nazarda tutiladi.