TOShKENT, 16-may – Sputnik. O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lib, ulardan 209 tasi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqda Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkentda o‘tkazilayotgan xalqaro “Destination forum”da e’lon qildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda respublikada 1800 dan ortiq joylashtiruv vositalari, 3200 dan ziyod oilaviy mehmon uylari, 2000 dan ko‘proq turoperatorlar faoliyat yuritmoqda.
10-16 may kunlari O‘zbekiston bo‘ylab Madaniyat va turizm vazirligi hamda Germaniya turistik assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Destination forum” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Germaniyaning yirik turistik kompaniyalari vakillari, mutaxassislar, madaniyat va turizm hamkorlari ishtirok etishdi.