TOShKENT, 16-may — Sputnik. Markaziy Osiyo mamlakatlarida Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochish rejalashtirilgan, bu davlatlar fuqarolari uchun Rossiyada o‘qishga kvotalar ham kengaytiriladi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin “Valday” xalqaro munozara klubi anjumanida ma’lum qildi.
“Qirg‘izistonda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari – Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qozon federal universiteti va Oliy iqtisod maktabi filiallarini ochish rejalashtirilgan. O‘zbekistonda Rossiya gumanitar universiteti, Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti va Shimoliy Kavkaz federal universiteti. Ashxobodda Rossiya-Turkmaniston qo‘shma universitetini tashkil etish loyihasi muvofiqlashtirish bosqichida. Bularning barchasi mintaqada faoliyat yuritayotgan 25 ta ta’lim muassasalarimiz filialiga mustahkam qo‘shimcha bo‘ladi”, - dedi vazir o‘rinbosari.
Unga ko‘ra, hozirda Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlaridan 185 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, shundan 68 mingga yaqini Rossiya budjeti hisobidan.
“2023-2024 o‘quv yilida biz Qozog‘iston fuqarolarini o‘qitish uchun kvotani sezilarli darajada oshirdik – qo‘shimcha 200 o‘rin, Qirg‘iziston ham qo‘shimcha 200 o‘rin, O‘zbekiston – qo‘shimcha 50 o‘rin va Tojikiston – qo‘shimcha 152 o‘rin”, — dedi Galuzin.