JSST kamqonlik kasalligiga qarshi dastur ishlab chiqdi

Dastur sog‘lom ovqatlanish, xastalikni to‘g‘ri va o‘z vaqtida aniqlash, vitamin va mikroelementlar qabul qilish, aholining ushbu kasallik to‘g‘risida xabardorligini oshirish kabi tavsiyalarni o‘z ichiga olgan.
Sputnik
TOShKENT, 16-may — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kamqonlik kasalligiga qarshi dastur ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston SSV.
Tashkilotning navbatdagi hisobotiga ko‘ra, dunyoda ayollarning taxminan 30 foizi, homiladorlarning 37 foizi va olti oylikdan besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 40 foizi anemiya, ya’ni kamqonlikdan aziyat chekadi. Bu ko‘rsatkich ayniqsa, o‘rta va past daromadli mamlakatlarda yuqori.
Shundan kelib chiqib, JSST ushbu xastalikka qarshi o‘zining ilk kompleks dasturini taqdim etdi.
Qon tarkibida temir moddasini o‘z ichiga olgan va unga qizil tus beruvchi murakkab oqsil – gemoglobin moddasi butun tana bo‘ylab kislorod tashish vazifasini bajaradi. Agar gemoglobin yetishmovchiligi kuzatilsa, organizmda kislorod tanqisligi yuzaga keladi. Oqibatda bu holat turli kasalliklarning rivojlanishiga yo‘l ochadi.
Bemorlarda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar mo‘rtlashadi. Til yallig‘lanib, og‘iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo‘ladi.
Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, og‘rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. Xastalikning og‘ir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish qayd etilishi mumkin.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, kamqonlikning eng ko‘p tarqalgan sabablaridan biri organizmda temir moddasi yetishmovchiligidir.
Shu sababli JSST tomonidan ishlab chiqilgan dastur sog‘lom ovqatlanish, xastalikni to‘g‘ri va o‘z vaqtida aniqlash, vitamin va mikroelementlar qabul qilish, aholining ushbu kasallik to‘g‘risida xabardorligini oshirish kabi tavsiyalarni o‘z ichiga olgan.
O‘z navbatida, bu borada hukumatlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari rolini oshirish lozimligi eslatib o‘tilgan.