TOShKENT, 15-may — Sputnik. Siyosiy partiyalarning muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishiga rasman ijozat berildi. Markaziy saylov komissiyasi 15-may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisda tegishli qarorni qabul qildi.
Majlisda siyosiy partiyalarning muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi prezident saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so‘rab, hujjatlarini taqdim etgan.
“Mazkur partiyalarga 2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berildi va tegishli qarorlar qabul qilindi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, majlis doirasida, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga saylovda ishtirok etishga ijozat berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma hamda belgilangan namunadagi imzo varaqalari blankalari topshirildi.
9 may kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti sayloviga Ekopartiya o‘z yetakchisi Abdushukur Hamzayev, XDP Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" SDP Robaxon Mahmudova, O‘zLiDeP Shavkat Mirziyoyevni nomzod sifatida ko‘rsatishini ma’lum qilgan. “Milliy tiklanish” partiyasi esa o‘z nomzodini qo‘ymasligi va O‘zLiDeP bilan birgalikda Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.