TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekistonda o‘tgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilingan.
Joriy yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berildi. Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilmoqda.
“Natijada o‘tgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi”, - deyilgan xabarda.
“Uchta daftar” va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olingan.