TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan alohida binolarning mavjud emasligi sababli aksariyat sinovlar ta’lim muassasalari o‘quv binolarida ta’lim jarayoniga xalaqit qilmaslik uchun haftaning dam olish (shanba va yakshanba) kunlarida o‘tkazilmoqda.
Joylarda test sinovlarini yil davomida o‘tkazish uchun katta sig‘imli binolarni qurishdagi ayrim kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha takliflar berildi. Mutasaddilarga optik skaner va ularga ehtiyot qismlar xarid qilishni tezlashtirish topshirildi.
“2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlandi”, - deyilgan xabarda.
Test sinovlari o‘tkaziladigan 15 ta umumta’lim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) tillardan 2400 ta test topshirig‘i shakllantirildi va ekspertizadan o‘tkazildi. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 8956 nafar talabgordan 4000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ham OTMlarga kirish imtihonlari yopiq binolarda o‘tkazilgan edi. Bunga qadar ikki yil davomida imtihonlar koronavirus sabab ochiq havoda (stadionlar, xiyobonlar) o‘tkazilgan edi.