TOShKENT, 15-may — Sputnik. Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida Turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi va uning doirasida “Kulollar sayli” o‘tkazildi. Bu haqda respublika “Hunarmand” uyushmasi xabar berdi.
“Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosining ochilish marosimi Rishton tumanidagi istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi.
Unda xalqaro mehmonlar ham ishtirok etdi. Ko‘rgazmada xilma-xil hunarmandchilik buyumlari: sopol va chinni buyumlar, bejirim idish-tovoqlar, o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlar, dekorativ ashyolar, qo‘lbola ishlanmalar taqdim etildi.
Turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi doirasida “Xalqaro kulollar markazi” faoliyati bilan tanishish, “Rishton kulolchiligi: Kecha, bugun, ertaga” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.