Boks bo‘yicha jahon chempionati — 2023

O‘zbekiston bokschilaridan tarixiy natija: sportchilar JChni 5 ta oltin medal bilan yakunladi

O‘zbekiston bokschilari chempionatda medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham birinchi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 14-may — Sputnik. Toshkent shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, umumiy hisobda 9 ta medalga sazovor bo‘lishdi.
O‘zbekiston boks terma jamoasi bungacha eng yaxshi natijani 2019-yil Yekaterinburg mezbonlik qilgan JChda qayd etgandi. Bokschilar Toshkentda ushbu rekordni yangiladi va O‘zbekiston boksi tarixida yangi sahifa ochdi. O‘zbekiston bokschilari chempionatda medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham birinchi bo‘ldi.
Terma jamoa safida quyidagi bokschilar sovrindor bo‘ldi:
Oltin:
-51 kg: Hasanboy Do‘smatov;
-57 kg: Abdumalik Xalokov;
-63,5 kg: Ruslan Abdullayev;
-67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev;
+92 kg: Bahodir Jalolov.
Kumush:
-54 kg: Oybek Jo‘rayev;
-71 kg: Saidjamshid Jafarov.
Bronza:
-75 kg: A’loxon Abdullayev;
-92 kg: Lazizbek Mullojonov.
O‘zbekiston terma jamoasidan so‘ng umumjamoa hisobida Qozog‘iston (4 ta oltin, 1 ta kumush) ikkinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikka esa Rossiya (2 ta oltin, 4 ta bronza) yakun yasadi. Shuningdek, Kuba va Fransiya terma jamoalari ham Toshkentni oltin medal bilan tark etadigan bo‘ldi.