TOShKENT, 13-may — Sputnik. Milliy gvardiya xodimlarining ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishdagi vakolatlari kengaytirildi. Bu haqda prezident tomonidan O‘RQ-842 sonli qonun imzolandi.
Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi.
Milliy gvardiya organlarining xodimlariga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berildi:
mayda bezorilik, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish, voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish kabi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish;
bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish.
Ushbu qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, milliy gvardiya organlari tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida noqonuniy saqlangan 44 ta pnevmatik va ov quroli, 3 202 dona o‘q-dori olib qo‘yilgan.
Fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan 1000 dan ortiq kastet, bita, pichoq va boshqa o‘tkir tig‘li buyumlarni olib yurgan 960 nafar fuqaro aniqlanib, tegishli chora ko‘rish uchun ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.