TOShKENT, 13-may — Sputnik. Janubiy Koreyada og‘ir atletika bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati yakunlandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Musobaqaning so‘nggi dasturida erkaklar o‘rtasida +109 kg vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta kumush va 3 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Dast ko‘tarish mashqida Rustam Jangabayev 196 kg bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. Siltab ko‘tarish dasturida esa Akbar Jo‘rayev 242 kg bilan shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Ikki kurash yakunida har ikki atlet 437 kg natija qayd etdi. Urinishlar bo‘yicha ustunlik qoraqalpog‘istonlik sportchida bo‘lgani uchun Rustam Jangabayev kumush, Akbar Jo‘rayev esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar, +109 kg:
1. Gor Minasan (Bahrayn) – 464 (217+247) kg;
2. Rustam Jangabayev (O‘zbekiston) – 437 (196+241);
3. Akbar Jo‘rayev (O‘zbekiston) – 437 (195+242).
Shu tariqa, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ushbu musobaqada 2 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza, jami 13 ta medalga sazovor bo‘ldi.