TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekiston kinoijodkorlari “Epidemiya” nomli filmni suratga olish ishlarini boshlashdi. Film premyerasi oktabr oyining oxirlarida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda produser Abror Nabiyev Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor shifokorlar haqida katta budjetli “Epidemiya” badiiy filmi suratga olinmoqda.
10 may kuni filmni suratga olish ishlari boshlandi. “Epidemiya” kinoloyihasining taxminiy budjeti 5 mlrd so‘m.
Film real voqealarga asoslangan. Unda koronavirus kasalligining insonlar hayotiga salbiy ta’siri, pandemiya davrida fidoiylik ko‘rsatgan shifokorlarning qiyin va taxlikali paytda ko‘rsatgan qaxramonliklari aks ettiriladi.
“Koronavirus balosi nafaqat oddiy insonlar orasida, balki uni davolovchi shifokorlar orasida ham katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Men xuddi frontdagi askardek olishayotgan shifokorlarni ko‘rib, ularning mashaqqatli mehnati va tog‘dek matonati haqida katta film yaratish kerak, degan fikrga keldim. Ijodiy jamoani shakllantirib, loyihani boshlab yubordik”, dedi filmning g‘oya muallifi va produser Abror Nabiyev.
Asosiy voqealar Zangiota tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazida suratga olinadi.
“Loyiha 145 sutkalik muddatda suratga olinishi rejalashtirilgan. Katta masshtabdagi epizod syomkasida kuniga 150 taga yaqin ommaviy sahnalardan foydalanyapmiz. Filmni taxminan oktabr oyining oxirlariga topshirish rejalashtirilgan. Hozirda suratga olish jarayonlari qizg‘in kechmoqda”, dedi produser.
Ssenariy muallifi Husnullo Jomonqulov, rejissorlar Akrom Shahnazarov, Abu Tolib Adamqulov, operator Dilmurod Turdiboyev. Kinokartinada Matoqub Matchonov, Saidkomil Umarov, Erkin Bozorov, Aysenem Yusupova, Tamara Hazratqulova, Xudoyorxon Ahmadjonov rollar ijro etishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5-may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 uchun pandemiya maqomini bekor qildi. 2020-yildan buyon rasman 7 millionga yaqin kishi COVID-19 oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. 2023-yil 4-may holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 765 milliondan ortiq koronavirus bilan kasallanish holati qayd etilgan.