TOShKENT, 12-may — Sputnik. Xalq demokratik partiyasidan (XDP) Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi prezidentlikka nomzod sifatida partiyaning Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi, deya xabar berdi O‘zA.
2023 yil 12-may kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi.
Plenumda 2023-yil 9-iyul kuni o‘tkazilishi belgilangan prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ishtiroki to‘g‘risida masala muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi partiyaning Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi.
Inoyatov 1962-yil 8 fevral kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1985-yil Toshkent politexnika institutini muhandislik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, 1998-yil Toshkent moliya institutini tamomlagan.
Avvalroq Ekopartiya Hamzayev Abdushukurni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan edi.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistonda 5 ta siyosiy partiya, xususan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP), O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston ekologik partiyasi bor.