TOShKENT, 12-may — Sputnik. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Toshkent mezbonligida o‘tayotgan erkaklar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionatining finaliga chiqdi.
Mo‘ydinxo‘jayev yarim final jangini mo‘g‘ulistonlik Mishelt Battumurga qarshi o‘tkazdi va 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
A’loxon Abdullayev esa yarim finalda braziliyalik Vanderley Pereyraga qarshi ringga ko‘tarildi va 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.
A’loxon Abdullayev
© Federatsiya boksa Uzbekistana
O‘zbekiston jamoasi tarkibidagi eng yosh bokschi dunyo birinchiligini bronza medali bilan yakunladi. Qayd etish joizki, 19 yoshli Abdullayev uchun birinchi JCh edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bahodir Jalolov va Oybek Jo‘rayev jahon chempionatining finaliga yo‘l olgani xabar qilingan edi. Final janglari 14-may kunlari bo‘lib o‘tadi.