O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish kunlari ma’lum bo‘ldi

Muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va 3 kun qolganda tugaydi.
Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 28 – 5-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining 1247- sonli qaror bilan tasdiqlangan kalendar rejada nazarda tutilgan.
Muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasini e’lon qilish va uni o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va 3 kun qolganda tugaydi.
Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov bulletenini oladi.
Saylovchi saylov bulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi 9-iyul kuniga belgilangan. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) qonunda belgilangan talablardan kelib chiqib muddatidan ilgarigi O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshladi. Saylov kampaniyasi 10-maydan boshlandi.Siyosiy partiyalar 17-may 1-iyun oralig‘idagi davrda prezidentlikka nomzod ko‘rsatishlari kerak.