TOShKENT, 11-may — Sputnik. Pokiston Oliy sudi sobiq bosh vazir va “Adolat uchun harakat” (“Tehriki Insaf”) partiyasi yetakchisi Imron Xonni hibsga olish to‘g‘risidagi qarorni noqonuniy deb topdi. Bu haqda Geo TV telekanali xabar bermoqda.
Telekanal xabariga ko‘ra, sud siyosatchini zudlik ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Avvalroq Pokistonda norozilik namoyishchilarining politsiya bilan to‘qnashuvlari oqibatida halok bo‘lganlar soni o‘n kishiga yetgani xabar qilingan edi.
Pokiston shaharlarida norozilik namoyishlari 9-may kuni sobiq bosh vazir va “Adolat uchun harakat” (“Tehriki Insaf”) partiyasi yetakchisi Imron Xonning “Al-Qodir” ishi bo‘yicha hibsga olinishidan keyin boshlanib ketdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq bosh vazir rafiqasi va partiyasi yetakchilari bilan “Al-Qodir universiteti” uchun trast tashkil etishgan va o‘z xatti-harakatlari bilan davlat budjetiga 50 milliard rupiylik zarar yetkazishgan.