TOShKENT, 11-may — Sputnik. Qatarda futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Osiyo kubogi guruh bosqichiga qur’a tashlandi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston "B" guruhidan joy oldi. Mazkur guruhda “oq bo‘rilarga” Avstraliya, Suriya hamda Hindiston termalari raqiblik qiladi.
O‘zbekiston birinchi o‘yinni 13-yanvar kuni Suriyaga qarshi o‘tkazadi. 19-yanvar kuni Hindiston, 25-yanvar kuni esa Avstraliya jamoalari bilan kuch sinashadi.
Osiyo kubogi musobaqalari 2024-yil 12-yanvardan 10-fevralga qadar Qatarda bo‘lib o‘tadi. Unda 24 ta jamoa g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogi—2023 musobaqasi Xitoyda bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo mamlakatdagi COVID-19 pandemiyasi sabab Xitoy uni o‘tkazishdan bosh tortgan. Keyin uni Qatarda o‘tkazishga qaror qilindi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi muddatidan ilgari 2023-yilda futbol bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga yo‘llanma olgan. O‘zbekiston ketma-ket 8-marta Osiyo kubogida ishtirok etadi.