TOShKENT, 11-may — Sputnik. Shu yilning oktabr oyidan Rossiyada vaqtincha yashayotgan xorijiy davlat fuqarolari registratsiyani onlayn olishlarii mumkin bo‘ladi. Bu haqda Rossiya prezidenti tegishli qarorni imzoladi, deya xabar berdi "Musofir" Telegram kanali.
Migratsiya haqidagi qonunga o‘zgarishlar kiritish haqidagi qonun Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan 28-aprel kuni imzolandi. Hujjat 180 kun o‘tib kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, uy egasi ”Gosuslugi“ orqali migrantga onlayn registratsiya qilishga rozilik berishi kerak. Xabarnoma (uvedomlenie) migratsiya idorasiga avtomatik yuboriladi.
Ya’ni migrant ”Gosuslugi“ portali orqali onlayn registratsiya qilishi mumkin bo‘ladi:
ushbu huquq chet elliklarga oktabr oyi oxiridan boshlab beriladi;
uy ijarasi shartnomasini tuzishda xabarnomani uy egasining roziligisiz, mustaqil (shaxsan yoki elektron shaklda) taqdim etish mumkin bo‘ladi.
Uy-joy egalariga onlayn xabarnoma yuborish uchun bular talab etiladi:
Yagona davlat va kommunal xizmatlar portalida shaxsiy kabinet ochish;
Yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimi (YeSIA) da ro‘yxatdan o‘tish.
Endilikda migrantlardan registratsiya blankining originali talab etilmaydi. Uning nusxasini olib yurish kifoya bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda mehnat migrantlariga Rossiya hududini tark etmasdan turib "kelishdan maqsadi"ni o‘zgartirishga imkon berilgan. 2023-yil boshidan boshlab esa mehnat migrantlari va uning oila a’zolariga Majburiy tibbiyot sug‘urtasi (OMS) olish imkoni paydo bo‘ldi.
Shuningdek, Rossiya IIV 2023-yilning mart oyida mehnat migrantlariga ishlashga ruxsat beruvchi hujjat - patentning amal qilish muddatini 1-yildan 3-yilgacha uzaytirish haqida qonun ishlab chiqayotganini ham ma’lum qilgan edi.