“Ochiq budjet” portali orqali ovoz berish noyabr-dekabrda o‘tkaziladi

“Ochiq budjet” portali orqali ovoz berish har yili noyabr dekabr oylarida o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 10-may — Sputnik. “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish har yili noyabr–dekabr oylarida o‘tkaziladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jalol Arashov ma’lum qildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar 2023-yildan boshlab jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.
Har yili 1-noyabrga qadar davlat budjetining tasdiqlangan ko‘rsatkichlari asosida, hududlar bo‘yicha yo‘naltiriladigan kapital qo‘yilmalar tuman va shaharlardagi aholi va mahallalar soniga nisbatan teng ulushlarda, lekin 8 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan holda ajratiladi.
Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayonlari uchta bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqichda — portalda loyihalar to‘plami shakllantiriladi;
2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar to‘plami saralab olinadi;
3-bosqichda — saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar to‘plamlariga ovoz beriladi.
G‘olib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka e’lon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali aniqlanadi:
- loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
- aholi soni kam bo‘lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qo‘llagan holda loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib.
Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra har bir tuman (shahar) uchun jamg‘armada shakllantirilgan mablag‘lar doirasida eng yuqori ko‘rsatkichni egallagan loyihalar to‘plami g‘olib deb topiladi. Bunda loyihalar to‘plami g‘olib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz to‘plashi lozim.
Ovoz berish yakunlangandan so‘ng 3 kunda g‘olib deb topilgan loyihalar to‘plamini amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantiriladi hamda jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha tuman (shahar) Maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.
Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli ro‘yxatda nazarda tutilgan mablag‘lar o‘tkazib beriladi. Har yil yakunlari bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bog‘liq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar rag‘batlantirib boriladi.