TOShKENT, 10-may — Sputnik. Bugundan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) tomonidan o‘tkazilayotgan majlisda ma’lum qilindi.
Majlisda saylov kampaniyasini e’lon qilish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
"9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti saylovi uchun saylov kampaniyasi 10-maydan boshlanadi", - deyiladi majlisda.
MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilikda belgilangan tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Shu maqsadda majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejasi tasdiqlanmoqda.
"Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ikkita asosiy qismdan iborat. Birinchi qismi bu saylovning tashkiliy va ma’muriy masalalari, saylov tashkilotchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, saylovchilarning saylov huquqini ta’minlash ovoz berishni tashkil etish. Ikkinchi qismi saylovda siyosiy partiyalar, prezidentlikka nomzodlar ishtiroki va huquqlarini ta’minlashdan iborat", - deydi Qo‘chqorov.
Mazkur kalendar rejada tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilandi. Xususan, Kalendar rejaga muvofiq saylov jarayonining 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha 51 ta tadbir nazarda tutildi.
Saylovchilarni ro‘yxatini aniqlashtirish va ularga o‘zgartirish kiritish tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. Bu jarayon 4-iyulda to‘xtatiladi.