Endi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha ishlar yiliga kamida 2-marta ko‘rib chiqiladi

Konstitutsiyani amalga oshirish doirasida qilingan ishlar kengaytirilgan tarzda yiliga kamida 2 marotaba tanqidiy muhokama qilinadi hamda davlat organlari va tashkilotlari, ekspertlik kengashlari rahbarlarining hisobotlari eshitiladi.
Sputnik
TOShKENT, 9-may — Sputnik. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish doirasida qilingan ishlar yiliga kamida ikki marotaba tanqidiy muhokama qilib boriladi. Bu haqda 8-may kuni prezident tomonidan imzolangan farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra qo‘yidagi Davlat komissiyasi va ekspertlik kengashlari tuzildi:
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ustuvor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha Davlat komissiyasi;
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini izchil amalga oshirish bo‘yicha ekspertlik kengashlari.
Davlat komissiyasi Konstitutsiya va dasturni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlari, ekspertlik kengashlarining Konstitutsiya va dasturni amalga oshirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Konstitutsiya va dasturni amalga oshirishda keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar va xorijiy ekspertlar ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Konstitutsiyani amalga oshirish doirasida qilingan ishlarni kengaytirilgan tarzda yiliga kamida 2 marotaba tanqidiy muhokama qilib boradi hamda davlat organlari va tashkilotlari, ekspertlik kengashlari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi.

Ekspertlik kengashlari 2024-yil 1-yanvarga qadar o‘rta va uzoq istiqbolli suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyalari ishlab chiqadi.
Konstitutsiya va dasturning amalga oshirilishi yuzasidan har chorakda Davlat komissiyasiga hisobot kiritib boradi.