TOShKENT, 9-may — Sputnik. Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida jahon chempionati medalini qo‘lga kiritgan ilk ayol dzudochiga aylandi. Bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabar berdi.
Doxada o‘tkazilayotgan 36-jahon chempionatining ikkinchi kuni ham terma jamoa uchun omadli keldi.
-52 kg vazn toifasida mamlakat sharafini himoya qilgan Diyora Keldiyorova finalga qadar mag‘lubiyatsiz yetib kelib, O‘zbekiston dzudosi tarixida jahon chempionati medalini qolga kiritgan ilk ayol dzudochiga aylandi.
Keldiyorova jahon chempionatining kumush medali bilan birga qimmatli 1400 reyting ochkosiga ham ega chiqdi.
U hal qiluvchi final bellashuvida amaldagi Olimpiada va jahon chempioni, yaponiyalik Uta Abega imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, Qatarda o‘tayotgan dzudo bo‘yicha jahon chempionatining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasidan Dilshodbek Baratov -60 kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu natija evaziga sportchi dunyo va Parij-2024 Olimpiadasi reytingi uchun o‘z hisobiga 1400 ochko qo‘shib qo‘ydi.