TOShKENT, 9-may — Sputnik. Bugun ham Toshkentda o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar vakili ringga ko‘tariladi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Barcha bokschilarning ishtiroki B ringiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha boks bo‘yicha jahon chempionatining sakkizinchi kun bahslarida O‘zbekiston vakili Oybek Jo‘rayev musobaqadagi ilk bellashuvini o‘tkazdi. U serbiyalik Tamir Galanov ustidan g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Musobaqalarda -92 kg vazn toifasida qatnashayotgan Mullojonov esa gruziyalik Georgiy Tchiladzeni mag‘lub etdi.
-48 kg vazn toifasida mamlakat sharafini himoya qilgan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev qozog‘istonlik Sanjar Tashkenbayga imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Mujibillo Tursunov uchinchi jangni ham muvaffaqiyatli yakunladi. Marokashlik Muhamed Hamutga qarshi ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik bokschi bu g‘alabasi bilan chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.