P2P o‘tkazmalari ustidan soliq nazoratini o‘rnatishga oid yangi qoida bekor qilinadi

Ta’kidlanishicha, qaror mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 8-may — Sputnik. 1-iyundan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini (P2P) amalga oshirishda elektron hisobvaraq-faktura (EHF) berish tartibi bekor qilinadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni imzolagan Konstitutsiyaning yangi tahririni amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonda nazarda tutilgan.
Qaror "mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida" qabul qilingan.
Chunki bu tartib yangi Konstitutsiyaning 41-moddasiga (bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi) zid keladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-maydan boshlab to‘lov tashkilotlari P2P pul o‘tkazmalarini amalga oshirayotganda xizmat uchun ESF, jumladan, nol komissiya bilan rasmiylashtirishi va taqdim etishi shart. Ya’ni o‘tkazmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlariga o‘tkazilishi kerak.