O‘zbekiston prezidenti saylovi — 2023

MSK muddatidan ilgari prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi

O‘zbekistonda 9-iyul kuni muddatidan avval prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 8-may — Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) qonunda belgilangan talablardan kelib chiqib muddatidan ilgarigi O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshladi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar qildi.
8 may kuni Shavkat Mirziyoyev "Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 110 va 128-moddalari hamda Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 9-iyul kuniga muddatidan ilgari prezident saylovi tayinlandi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan 10-may kuni soat 11:00 da Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda muddatidan ilgari prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash masalalari ko‘rib chiqiladi.