O‘zbekistonning 4-obyekti Ramsar suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston delegatsiyasining Shveysariyaga rasmiy tashrifi doirasida Sudoche ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritildi.
Sputnik
TOShKENT, 6-may — Sputnik. O‘zbekistonning 4-obyekti xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Shveysariyaga rasmiy tashrifi doirasida Sudoche ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritildi.
Tegishli sertifikat asosan, suv qushlarining yashash muhiti sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlari to‘g‘risidagi konvensiya Bosh kotibi M.Mumba tomonidan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovga topshirdi.
“Suv qushlarining ko‘chmanchi turlarini saqlashda suv-botqoq yerlarining ahamiyati katta. Bu hududlar karbonat angidridni o‘ziga singdirib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatadi, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega”, dedi Aziz Abduhakimov.
O‘z navbatida Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi O‘zbekistonning Ramsar obyektlarini saqlash bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Sudoche ko‘li O‘zbekistonning Ramsar konvensiyasiga kiritilgan 4-obyekti bo‘ldi. Bunga qadar Dengizko‘l 2001-yilda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008-yilda va To‘dako‘l hamda Quymazor suv omborlari 2020-yilda Ramsar ro‘yxatidan joy olgan.
Ma’lumot uchun, Sudoche ko‘lida 24 turdagi baliq, 230 turdagi bo‘lib, shundan 24 turi Xalqaro Qizil kitobga (12 tur) va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, ko‘lda 30 turdagi sutemizuvchilar ham bor.
Sudoche ko‘li bahor-kuz davrida suv qushlarining ommaviy konsentratsiyasi joyi sifatida juda muhim rol o‘ynaydi. Suv havzasida bahorgi migratsiya davrida qushlar soni 100 mingdan oshadi.