Qashqadaryo va Surxondaryoga yangi "Aqlvoy" mobil avtobuslari yuborildi

Bugun Toshkentdan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga “Aqlvoy” mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan ISUZU NC 40 avtobuslari yuborildi.
Sputnik
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Bugun Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga yangi “Aqlvoy” mobil avtobuslari yuborildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
“Aqlvoy” avtobuslar tog‘li hududlarda bolalarga ta’lim berish uchun 16 o‘rinli avtobuslar bo‘lib, ikkita viloyatga 7 dona avtobus jo‘natildi.
Avtobusi "Aqlvoy"

“Avtobus ichida maktabgacha yoshida bo‘lgan bolalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Transport ustiga maxsus quyosh panellari o‘rnatilgan. Ular yordamida avtobus qurilmalari ishlatiladi”, - dedi Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab boshqarmasi xodimi Farrux Ro‘ziyev.

Avtobus televizor, konditsioner, ovqatlanish platformasi, o‘quv qurollari bilan jihozlangan.
Avtobusi "Aqlvoy"

“Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlarida 6 ta o‘yin maydonchalari, 3 ta ISUZU HC-40 avtobuslari, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on tumanlarida 8 ta o‘yin maydonchalari tashkil etilib, 4 ta ISUZU HC-40 avtobuslari qayta jihozlanib yuborildi”, - deyiladi xabarda.

Natijada, ushbu hududlarda 42 ta mobil guruhlari tashkil etilib, ularda 672 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi.
Vazirlik tomonidan bog‘chalar shu kunga qadar jami 65 ta shunday qulay ISUZU HC-40 modeldagi avtobuslar bilan ta’minlangan.
Respublikaning eng chekka va olis hududlaridagi 7 mingga yaqin maktabgacha ta’limga qatnamaydigan 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan.