O‘zbekiston va 10 ta mamlakat fashizmga qarshi kurashganlar xotirasini hurmat qilishga chaqirdi

YeXHT huzuridagi qator davlatlar vakillari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 78-yilligi arafasida qo‘shma bayonot bilan chiqishdi.
Sputnik
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Ikkinchi jahon urushi yakunlarini qayta ko‘rib chiqishga yoki buzib ko‘rsatishga hamda millatchilar va ular sheriklarini oqlash va ulug‘lashga bo‘lgan urinishlar nomaqbuldir. Bu haqda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) huzuridagi Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bosniya va Gersegovina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston doimiy vakillarining qo‘shma bayonotida aytiladi.
Hujjat mualliflari XX asr tarixidagi eng dahshatli sahifalar haqidagi tarixiy xotirani saqlab umumiy qarz sanalishini ta’kidlashgan.
“Ozodlik jangchilari, qahramonlar va qo‘mondonlar sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik obyektlari hamda askarlar va zobitlar dafn etilgan joylarni, ularning joylashuvi va milliy yoki etnik kelib chiqishidan qat’i nazar, yo‘q qilish va tahqirlashni qat’iyan qoralaymiz”, - deyilgan bayonotda.
Bu mamlakat vakillari barchani Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashgan jangchilar xotirasini hurmat qilishga chaqirishgan.
“Barcha mamlakatlarni Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm va natsizmga qarshi kurashgan jangchilar xotirasini hurmat qilishga, xalqlar jasoratiga hurmat bilan qarashga chaqiramiz. Yengilgan natsizm yana bosh ko‘tarmasligi shart”, - deya ta’kidlanadi bayonotda.