Bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygan bog‘cha rahbari lavozimidan ozod qilindi

Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan bog‘chada 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilingani haqidagi xabarga munosabat bildirildi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sputnik
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 230-sonli bog‘cha rahbari xizmat vazifasiga mas’uliyatizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yganligi uchun lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo qanday kuchaytirilmoqda?
Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan bog‘chada 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilingani haqidagi xabarga munosabat bildirildi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB tomonidan qayd etilishicha, 2-may kuni 4 nafar fuqarolar ariza bilan murojaat qilib, ularning farzandlari (6 yoshli qizlar) Chilonzor tumanidagi bog‘chalardan birida uxlab yotgan vaqtida voyaga yetmagan 2008-yilda tug‘ilgan X.Sh. bolalarning tanasini turli qismlarini qo‘li bilan ushlab, uyatiz buzuq harakatlar sodir qilganligini ma’lum qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 119-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

“Jinoyat ishi doirasida barcha holatlar batafsil o‘rganilib, zaruriy tergov harakatlari o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, - deyiladi IIBB xabarida.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, 230-sonli bog‘cha direktori bog‘cha hududiga begona shaxsni kirishiga yo‘l qo‘yib bergan va bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Shuningdek, u bu bilan ichki mehnat tartib-qoidalarini buzib, o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatizlik bilan yondashgan.

“U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga asosan bekor qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri topshirig‘iga asosan ta’lim tashkilotidagi muhit nazoratga olingan, o‘rganish ishlari davom etmoqda”, - deyiladi xabarda.