O‘zbekiston va Tojikiston fors-major holatlarida havo hududida hamkorlik qiladi

Fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib o‘tishga, o‘z aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qo‘nish uchun ruxsat berishga haqliligi bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 4-may — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston fors-major holatlarida havo hududida hamkorlik qiladi. Bu haqda Senatning qirqinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va ayerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2021-yil 10-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni ko‘rib chiqishdi.
Bitimning asosiy maqsadi fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalarining havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik qilishning yagona tartibini belgilashdan iborat.
Hujjatga muvofiq, fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib o‘tishga, o‘z aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qo‘nish uchun ruxsat berishga haqliligi nazarda tutilgan.
Hujjatning ratifikatsiya qilinishi parvozlar xavfsizligini yanada ta’minlashga xizmat qiladi.
“Senatorlar mazkur Bitimning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lishini, bu mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi”, deyiladi xabarda.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, fors-major bu tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlardir.